Qo'llanmalarga qaytish

Transform va keyframe

Joylashuv, masshtab, burish, crop, tezlik va vaqt bo'ylab animatsiya.

6 daqiqa

Har bir video, rasm yoki yozuv kadr ichida biror joyda, biror kattalikda turadi. Shu «qayerda va qanchalik katta» degan sozlamalar to'plami — transform. Uni ikki yo'l bilan o'zgartirasiz: o'ngdagi xossalar panelidagi slayderlar bilan yoki qatlamni to'g'ridan-to'g'ri preview'da sudrab.

Keyin esa eng qiziq qismi: shu qiymatlarni vaqt bo'ylab o'zgartirish mumkin. Rasm asta kattalashadi, yozuv chetdan kirib keladi, video sekin buriladi. Buni keyframe deb ataladigan narsa qiladi — pastda tushuntiramiz.

Transform: kadrdagi joyi va o'lchami

Timeline'da klipni tanlang — o'ngdagi panelda uning sozlamalari ochiladi. Transform bo'limida to'rtta asosiy slayder bor.

X va Y — joylashuv

Qatlam MARKAZINING kadrdagi o'rni. O'rtasi — 0.5 / 0.5. Markaz kadr ichida qoladi, lekin qatlamning o'zi chetdan chiqib ketishi mumkin.

Masshtab (scale)

Kattalashtirish yoki kichraytirish. 1 — normal o'lcham; 1.2 — 20% kattaroq. Nisbat buzilmaydi.

Burish (rotation)

Gradusda, −180 dan 180 gacha. Matnni ham buradi — foni, konturi va soyasi bilan birga.

Shaffoflik (opacity)

1 — to'liq ko'rinadi, 0 — butunlay ko'rinmas. Oradagi qiymatlarda ostidagi trek ko'rinib turadi.

Preview'da to'g'ridan-to'g'ri sudrash

Slayder aniq raqam uchun yaxshi, lekin ko'zga qarab ishlash tezroq. Qatlamni tanlang (preview'da ustiga bosing — eng ustki qatlam tanlanadi) va tutqichlar paydo bo'ladi. Tutqichlar faqat pauzada ko'rinadi: ijro paytida ular kadrni to'sib qo'yardi.

  • Surish — qatlamning o'rtasidan tutib sudrang. Shift bosib tursangiz o'q qulflanadi: faqat gorizontal yoki faqat vertikal siljiydi.
  • Burish — burish tutqichini aylantiring. Shift burchakni 15° ga qadaydi (0°, 15°, 30°…), tutqichga ikki marta bosish esa burchakni 0 ga qaytaradi.
  • Cho'zish — chekka va burchak tutqichlari. Bu nomutanosib cho'zish: rasm eniga yoki bo'yiga cho'ziladi, nisbati ataylab buziladi (xossalar panelida ular «Cho'zish → Eniga (X) / Bo'yiga (Y)»).

Crop va kadrga sig'dirish

Vertikal videoni gorizontal loyihaga tashlasangiz, u kadrga to'liq sig'adi va yon tomonlarida bo'sh joy (qora yo'l) qoladi. Buni ikki sozlama hal qiladi.

To'liq ko'rinsin (contain)

Standart holat. Butun kadr ko'rinadi, hech nima kesilmaydi — lekin chetlarda bo'sh joy qolishi mumkin.

Kadrni to'ldirsin (cover)

Rasm kadrni butunlay to'ldiradi, sig'magan qismi kesilib ketadi. Bo'sh joy qolmaydi — lekin bir narsa qurbon bo'ladi.

Crop — o'zingiz kesasiz

Yuqoridan / pastdan / chapdan / o'ngdan qancha kesilishini alohida beradi. Kesilgandan keyin QOLGAN qism kadrga sig'diriladi.

Klip tezligi

Video va audio klipni 0.25× dan gacha tezlashtirish yoki sekinlashtirish mumkin (xossalar panelidagi «Tezlik»). 0.5× — ikki barobar sekin, sport yoki reaksiya kadrlari uchun; 2× — ikki barobar tez, uzoq jarayonni qisqartirish uchun.

Tezlik manbadan olinadigan bo'lakni o'zgartirmaydi — u faqat o'sha bo'lak timeline'da qancha joy egallashini belgilaydi. Shu bois 2× qilsangiz klip ikki barobar QISQARADI, 0.5× qilsangiz uzayadi va keyingi klip'lar bilan ustma-ust tushmasligini tekshirish sizning ishingiz.

Keyframe — vaqt bo'ylab o'zgarish

Keyframe — bu vaqtning aniq bir daqiqasiga mixlab qo'yilgan qiymat. «2-sekundda masshtab 1 bo'lsin», «6-sekundda masshtab 1.3 bo'lsin» deysiz — oradagi hamma narsani muharrirning o'zi to'ldiradi. 4-sekundda masshtab qancha? Muharrir o'zi hisoblaydi. Animatsiya shundan tug'iladi: siz faqat MUHIM nuqtalarni belgilaysiz.

Masshtabga qo'yilgan ikki keyframe: kichik → katta → kichik. Shu ikki qiymat orasini muharrir to'ldiradi va qatlam «puls» qiladi. Xuddi shu tamoyilda joy, burilish va shaffoflik ham animatsiya bo'ladi.
  1. Playhead'ni birinchi daqiqaga qo'ying

    Animatsiya QAYERDAN boshlanishini tanlang — masalan klipning eng boshi. Keyframe har doim playhead turgan daqiqaga qo'yiladi.

  2. Romb tugmani bosing

    Xossalar panelidagi Animatsiya bo'limida romb (♦) tugma bor. Bosilsa — shu daqiqada keyframe qo'yiladi; keyframe allaqachon bor bo'lsa — o'chiriladi. Shu bitta tugma ikki ishni qiladi.

  3. Playhead'ni surib, qiymatni o'zgartiring

    Ikkinchi daqiqaga o'ting va slayderni suring. Yangi keyframe O'ZI paydo bo'ladi — buni avto-keyframe deyiladi. Birinchi keyframe qo'yilgandan keyin har bir slayder harakatingiz shu daqiqadagi keyframe'ga yoziladi.

  4. Ijro qilib ko'ring

    Space bosing. Qiymat ikki keyframe orasida silliq o'zgarib boradi. Klipning boshida va oxirida — birinchi/oxirgi keyframe qiymatida qotib turadi.

Tanlangan klipda keyframe'lar timeline'da kichik romb nuqtalar bo'lib ko'rinadi. Ularni sudrab vaqtini o'zgartirish mumkin — animatsiyani tezlashtirish yoki kechiktirish uchun eng oson yo'l. Panel'dagi o'q tugmalari esa oldingi/keyingi keyframe'ga sakraydi.

Sur'at (easing) — harakatning xarakteri

Ikki keyframe orasida qiymat qanday o'zgaradi — bir tekismi yoki asta-sekin tezlashib? Buni easing boshqaradi. Har bir keyframe o'zidan KEYINGI oraliqning sur'atini belgilaydi. To'rt xil tanlov bor.

Bir tekis (linear)

Boshidan oxirigacha bir xil tezlik. Mexanik, sun'iy tuyuladi — lekin aylanish yoki uzluksiz siljish uchun aynan shu kerak.

Yumshoq (smooth)

Asta boshlanadi, o'rtasida tezlashadi, asta to'xtaydi. Eng tabiiy variant — shubhalansangiz, shuni tanlang.

Asta boshlash (ease in)

Sekin qo'zg'aladi, keyin tezlashib ketadi. Biror narsa «yo'lga tushayotgani» uchun.

Asta to'xtash (ease out)

Tez boshlanib, oxiriga borib sekinlashadi. Kadrga uchib kirib, joyiga muloyim qo'nadigan yozuv uchun.

Misol: rasm ustida sekin zoom (Ken Burns)

Timeline'dagi qotib turgan rasm o'lik ko'rinadi. Uni sekin kattalashtirsangiz, kadr «nafas oladi» — bu klassik usul, hujjatli filmlarda hamma ishlatadi. Mana, bir daqiqada.

  1. Rasmni qo'ying va tanlang

    Rasmni timeline'ga tashlang, davomiyligini chekkasidan cho'zib 5–6 sekundga keltiring. Klipni bosing.

  2. Boshiga birinchi keyframe

    Playhead'ni klipning eng boshiga qo'ying. Masshtabni 1.0 qoldiring va romb tugmani bosing — birinchi keyframe tayyor. Sur'atini «Yumshoq» qiling.

  3. Oxiriga ikkinchi keyframe

    Playhead'ni klipning oxiriga suring va masshtabni 1.15 ga ko'taring. Romb tugmani bosish ham shart emas — slayderni surganingizning o'zi keyframe yaratadi.

  4. Ijro qiling

    Home, keyin Space. Rasm sekin, sezilar-sezilmas kattalashib boradi. Ta'sir shundaki: tomoshabin zoomni payqamaydi, lekin kadr tirik tuyuladi.

Tez-tez so'raladi

Keyframe'larni qanday o'chiraman?

Playhead'ni o'sha keyframe ustiga qo'yib romb tugmani qayta bosing — bittasi o'chadi. Hammasini birdan olib tashlash uchun Animatsiya bo'limidagi «Barcha keyframe'larni o'chirish» tugmasi bor. Barchasi o'chgach, klip yana statik transform bilan chiziladi.

Slayderni surdim, lekin animatsiya paydo bo'lmadi.

Klipda birorta ham keyframe bo'lmasa, slayder butun klipga tegishli statik qiymatni o'zgartiradi — bu to'g'ri xatti-harakat. Animatsiya BIRINCHI keyframe qo'yilgandan keyin boshlanadi.

Animatsiya juda tez chiqdi. Sekinlatsam bo'ladimi?

Ha — timeline'da oxirgi keyframe rombini o'ngroqqa sudrang. Qiymatlar o'zgarmaydi, faqat ular orasidagi vaqt uzayadi, ya'ni harakat sekinlashadi.

Burish burchagini aniq 0 ga qaytarish qiyin.

Preview'dagi burish tutqichiga ikki marta bosing — burchak darhol 0 bo'ladi. Sudrayotganda Shift bosib tursangiz, burchak 15° li qadamlarga qadalib boradi.