Qo'llanmalarga qaytish

Loyihalar va saqlash

Avtosaqlash, bir nechta loyiha, oflayn ishlash va ilova sifatida o'rnatish.

4 daqiqa

Boshqa montaj dasturlarida birinchi o'rgatiladigan narsa — Ctrl+S. Bu yerda unday tugma yo'q, chunki kerak emas: ishingiz o'zi saqlanadi. Har bir kesim, har bir slayder harakati bir necha yuz millisekunddan keyin brauzeringiz xotirasiga yozib qo'yiladi. Tasodifan tabni yopsangiz ham, elektr o'chsa ham — qaytib kelganingizda hammasi joyida turadi.

Lekin bu «saqlash» boshqa dasturlarnikidan farq qiladi, va farqni tushunib olish muhim — aks holda bir kuni ishingizni yo'qotib qo'yishingiz mumkin.

Avtosaqlash qanday ishlaydi

Ishingiz ikki bo'lakka bo'linadi va ikki xil joyga yoziladi. Bu texnik tafsilot, lekin nima uchun studiya shunday tez ochilishini shundan tushunasiz.

Media fayllar → OPFS

Video va audio fayllaringizning o'zi. OPFS — brauzer ichidagi maxfiy fayl tizimi: u og'ir fayllarni (gigabaytlab video ham) ushlab tura oladi.

Loyihaning o'zi → IndexedDB

Timeline, treklar, kesimlar, effektlar — ya'ni «retsept». U juda yengil, shu bois har tahrirdan keyin bemalol qayta yozilaveradi.

Ishingiz QAYERDA yashaydi

Bu qo'llanmadagi eng muhim xatboshi. Loyihangiz shu brauzerda, shu kompyuterda yashaydi. Serverda emas, bulutda emas, hisobingizda emas — hech qanday hisob ham yo'q.

  • Boshqa kompyuterda ochsangiz — loyihangiz yo'q.
  • Boshqa brauzerda (Chrome o'rniga Firefox'da) ochsangiz — loyihangiz yo'q.
  • Brauzer sozlamalaridan sayt ma'lumotlarini tozalasangiz yoki «hamma narsani o'chirish» qilsangiz — loyihangiz butunlay yo'qoladi.

Bir nechta loyiha

Bir vaqtning o'zida istagancha loyiha ustida ishlash mumkin — biri ustida ishlaganingiz ikkinchisiga tegmaydi.

  1. «Yangi loyiha»

    Yuqoridagi menyudan tanlang. Hozirgi loyiha O'CHIRILMAYDI — u avval saqlanadi va ro'yxatda qolaveradi. Yangi loyiha esa alohida ochiladi.

  2. O'lchamni tanlang

    Yangi loyiha yaratayotganda platforma presetini bosasiz (pastda ro'yxati). O'lcham keyin ham o'zgaradi, lekin oldindan to'g'ri tanlagan ma'qul: kadr nisbati o'zgarsa, qatlamlarni qayta joylashtirishga to'g'ri keladi.

  3. «Loyihalar» ro'yxati

    Bu yerda barcha loyihalaringiz turadi. Biror birining ustiga bossangiz — hozirgisi saqlanadi va o'sha ochiladi. Har birining nomini o'zgartirish va keraksizini o'chirish ham shu ro'yxatdan.

YouTube — 16:9 (1920×1080)

Klassik gorizontal kadr. Kompyuter va televizor ekrani uchun.

TikTok / Reels / Shorts — 9:16 (1080×1920)

Vertikal kadr, telefon ekranini to'liq egallaydi.

Instagram — 1:1 va 4:5

Kvadrat (1080×1080) va biroz cho'zilgan post (1080×1350) — lentada ko'proq joy egallaydi.

Yengil — 720p (1280×720)

O'sha 16:9, lekin ikki barobar kam piksel. Sekinroq kompyuterda ishlash va tez sinov uchun eng qulayi.

Ilova sifatida o'rnatish va oflayn ishlash

Ondo Studio — PWA, ya'ni brauzer sahifasi bo'lsa ham, oddiy dastur kabi o'rnatilishi mumkin. Chrome yoki Edge'ning manzil qatorida o'rnatish belgisi paydo bo'ladi (yoki menyudan «O'rnatish»). Bosing — studiya o'z oynasida, brauzer qatorlarisiz ochiladi va kompyuteringizning dasturlar ro'yxatiga tushadi.

O'rnatilgandan keyin u internetsiz ham ochiladi: montaj sizning kompyuteringizda bajarilgani uchun, ishlash uchun tarmoq umuman kerak emas. Samolyotda, poyezdda, internet uzilganda — davom ettiraverasiz.

Mavzu va til

Studiya qorong'i va yorug' mavzuda ishlaydi. Standarti — qorong'i, va bu tasodif emas: qorong'i fonda kadrning ranglari to'g'riroq ko'rinadi, ko'z uzoq ishda kamroq charchaydi. Yorug' xonada ishlayotgan bo'lsangiz, yorug' mavzuga o'tishingiz mumkin.

Interfeys tili — o'zbekcha yoki inglizcha, til almashtirgichdan tanlanadi. Tanlovingiz eslab qolinadi. Til faqat interfeysga tegishli: loyihangizga, fayl nomlariga va videodagi yozuvlarga ta'sir qilmaydi.

Tez-tez so'raladi

Loyihamni boshqa kompyuterga qanday o'tkazaman?

Hozircha faqat tayyor videoni eksport qilib. Loyihaning o'zini (timeline bilan birga) fayl qilib olib yurish imkoniyati hali yo'q.

«Media fayli topilmadi» degan xabar chiqdi.

Brauzer saqlangan joyni tozalab yuborgan bo'lishi mumkin (masalan, disk to'lganda yoki tozalash sozlamasi bilan). O'sha faylni qayta import qilishga to'g'ri keladi.

Yashirin (inkognito) rejimida ishlasam bo'ladimi?

Ishlaydi, lekin oynani yopishingiz bilan hamma narsa o'chadi — inkognito rejimining butun mohiyati shu. Jiddiy ish uchun oddiy oynada ishlang.

Xotira to'lib ketmaydimi?

Videolar joy egallaydi. Keraksiz loyihalarni «Loyihalar» ro'yxatidan o'chirib turing — ular bilan birga ularning media fayllari ham bo'shatiladi.