Qo'llanmalarga qaytish

Klip tahrirlash

Kesish, trim, ripple o'chirish, snapping, marker, nusxa olish va undo.

6 daqiqa

Timeline'ga tushgan har bir bo'lak — klip. Montaj deganda ana shu klip'larni surish, kerakligini qoldirib keraksizini olib tashlash tushuniladi. Bu qo'llanmada klip bilan qilish mumkin bo'lgan hamma narsa bor: sudrashdan tortib, xatoni bir tugma bilan qaytarishgacha.

Bir necha atama tez-tez uchraydi. Playhead — timeline bo'ylab yuradigan qizil chiziq; u "hozir shu daqiqaga qarayapmiz" degani va deyarli hamma amal aynan shu chiziq turgan joyda bajariladi. Trim — klipning boshini yoki oxirini qisqartirish (manba fayl kesilmaydi, shunchaki kamrog'i ko'rsatiladi). Qo'rqmang, hech narsa qaytarilmas emas: Ctrl+Z doim yoningizda.

Surish va trim

Ikki eng ko'p ishlatiladigan harakat — klipni vaqt bo'ylab surish va uning chekkasini cho'zish. Ikkalasi ham oddiy sudrash bilan bajariladi, farqi faqat kursorni klipning qayeriga olib borishingizda.

  • Surish. Klipning o'rtasidan ushlab, chapga-o'ngga sudrang. Yuqoriga yoki pastga sudrasangiz, boshqa trekka ko'chadi.
  • Trim. Kursorni klipning chap yoki o'ng chekkasiga olib boring — kursor o'zgaradi. Ichkariga sudrasangiz qisqaradi, tashqariga sudrasangiz (agar manbada material qolgan bo'lsa) uzayadi.
  • Klip oxirigacha yetdim, uzaymayapti. Demak manbadagi material tugagan: klipni o'zi bor-yo'g'i faylning bir oynasi, yo'q kadrni ko'rsata olmaydi.

Tanlash va guruh bilan ishlash

Ko'p amal (o'chirish, nusxalash, ikkilantirish) tanlangan klip'lar ustida bajariladi. Shuning uchun tanlashni yaxshi bilib olish — vaqtni eng ko'p tejaydigan narsa.

  1. Bitta klip

    Ustiga bosing — u yorishadi va o'ngdagi xossalar paneli aynan shu klipni ko'rsata boshlaydi.

  2. Bir nechta klip

    Shift yoki Ctrl bosib turib boshqalarini ham bosing — ular tanlovga qo'shiladi. Hammasini birdan tanlash uchun Ctrl+A, tanlovni bekor qilish uchun Esc.

  3. Ramka bilan tanlash (marquee)

    Timeline'ning bo'sh joyidan bosib, sudrang — punktir ramka chiziladi. Ramkaga tekkan har bir klip tanlanadi. Ko'p klipni birdan olishning eng tez yo'li.

  4. Guruhni surish

    Tanlangan klip'lardan birini sudrasangiz, butun guruh birga siljiydi — oralaridagi masofalar saqlanadi. Tanlanmagan klipni sudrasangiz esa tanlov almashadi va u yolg'iz suriladi.

Kesish, birlashtirish, ikkilantirish

Uzun lavhadan kerakli bo'lakni ajratib olishning odatiy yo'li — kesish. Playhead'ni kerakli daqiqaga qo'ying va S bosing: klip aynan shu yerda ikkiga bo'linadi va endi ular alohida-alohida klip. Keraksizini tanlab o'chirasiz.

  • Birlashtirish. Kesib, keyin fikringizdan qaytdingizmi? Bir manbadan kelgan, yonma-yon turgan bo'laklarni tanlab «Birlashtirish» tugmasini bosing — ular yana bitta butun klipga aylanadi.
  • Ikkilantirish (`Ctrl+D`). Tanlangan klipning aynan nusxasini yoniga qo'yadi. Bir xil lavhani takrorlash yoki tayyor sozlamalar bilan yana bir bo'lak yasash uchun.
  • Nusxa / qo'yish / kesib olish (`Ctrl+C`, `Ctrl+V`, `Ctrl+X`). Qo'yish playhead turgan joyda bajariladi — ya'ni avval playhead'ni kerakli daqiqaga suring, keyin Ctrl+V bosing.

O'chirish va ripple

O'chirishning ikki xili bor va farqi juda muhim.

Delete — joyida bo'shliq qoldiradi

Klip yo'qoladi, lekin uning o'rni bo'sh qoladi va qolgan hamma narsa joyida turadi. Musiqa yoki boshqa trekdagi klip'lar bilan moslik buzilmasin desangiz — shuni ishlating.

Shift+Delete — ripple, bo'shliqni yopadi

Klip yo'qoladi va keyingi hamma klip chapga suriladi — bo'shliq qolmaydi. "Ripple" (to'lqin) deyilishining sababi shu: o'zgarish oxirigacha to'lqin bo'lib tarqaladi.

Yopishish (snapping) va markerlar

Klipni qo'l bilan sudrab, boshqasiga tik-tekis tekkizish deyarli imkonsiz — bir necha piksel bo'shliq qolib ketadi va videoda bir zumlik qora yaltirash ko'rinadi. Shuning uchun snapping (yopishish) bor: klip chekkasi boshqa klipga, playhead'ga yoki timeline boshiga yaqinlashganda o'zi tortilib borib yopishadi. Yopishish sodir bo'layotganini sariq ko'rsatkich chiziq bildiradi.

Snapping'ni timeline ustidagi tugmacha bilan o'chirib qo'yish mumkin — masalan, klipni ataylab bir necha kadr surib qo'ymoqchi bo'lsangiz va yopishish xalaqit bersa.

Marker — timeline'ga qo'yiladigan belgi. Musiqaning zarbasi tushgan joyni, gapning boshlanishini yoki "shu yerni keyin qayta ko'raman" degan eslatmani belgilash uchun. Playhead'ni kerakli joyga qo'ying va M bosing; yana M bosilsa marker o'chadi. Eng qizig'i: klip'lar marker'ga ham xuddi boshqa klipga yopishgandek yopishadi — ya'ni marker'larni musiqa zarbalariga qo'yib chiqsangiz, kesim'laringiz ritmga o'zi tushadi.

Video va ovozni bog'lash

Video klip va uning ovozi ikki alohida trekda tursa, bittasini surib, ikkinchisini unutish oson — natijada lablar gapga to'g'ri kelmay qoladi. Buning oldini olish uchun ularni bog'lab qo'ying: ikkala klipni tanlang va «Bog'lash» tugmasini bosing.

Bog'langan klip'lar shundan keyin birga suriladi va birga o'chadi — bittasini bosganingiz yetarli. Kerak bo'lsa «Bog'lashni yechish» bilan ajratasiz.

Xato qildim — orqaga qaytish

Montajda xato qilish normal holat — shuning uchun tajriba qilishdan cho'chimang. Ctrl+Z oxirgi amalni bekor qiladi, Ctrl+Shift+Z esa bekor qilinganini qaytaradi. Uzun sudrash yoki slayderni surish bitta qadam hisoblanadi, ya'ni bitta Ctrl+Z butun harakatni orqaga qaytaradi — o'nlab mayda qadamga bo'linib ketmaydi.

Ancha orqaga qaytish kerak bo'lsa, Ctrl+Z ni o'nlab marta bosib o'tirmang: yuqoridagi «O'zgarishlar tarixi» menyusini oching — barcha qadamlar ro'yxati chiqadi va istaganiga bir bosishda sakraysiz. Ro'yxatning eng tepasida loyihaning boshlang'ich holati turadi.